Qafasda qalb qushin qiynab, Qanot qoqmoqqa qo`ymaysan. Qarab qo`ygil qiyo, Qalbimni qizdirsin quyoshing, qiz.
1957
TONG LAVHASI
Ufqlarga qo‘yib guldasta, Tog‘ ortidan ko‘tardi-da bosh, Pastga bokdi cho‘qqidan asta Oltin qalam tutgan bir naqqosh.
Har nuqtaga sayqal berib u, Vodiy uzra chizdi zar lavha. So‘ng Quyosh deb imzo chekdi-yu, Tongotar deb qo‘ydi sarlavha.
SADOQAT
Keksa qarag‘ayning Ildizin ochib, Tortdilar qo‘sh arqon solib belidan. Lekin u tuproqqa panjasin sanchib, Sira qo‘zg‘almasdi Ungan yeridan...
Nihoyat, gurs etib yerga quladi, Butab, so‘ng ko‘tarib ketdilar, biroq -U o‘z panjasida olib jo‘nadi Yashagan yeridan Bir siqim tuproq.
SEVGI
O`n sakkizga kirmagan kim bor, Bo`g`imgdan gul termagan kim bor. Sen haqingda yozib to`rt satr, Sirdoshiga asta ko`rsatib, Qo`shni qizga bermagan kim bor.
Dastlab har kim qalam olgan on Yonib seni kuylar begumon. Maskan qurib har bir ko`ngildan, Oshiqlarni qoldirib tildan, Shoirlarni qilursan biyron.
Tushdim chog`i men ham domingga, Ezgu hislar baxsh etding menga, Hayotimga zar lavha bo`lding, Ilk she'rimga sarlavha bo`lding, Xayollarim ulfatdir senga.
Yuragimda his etdim qanot, Tilsim kabi ochilur hayot, Visoldagi damlarim shirin, Hijrondagi g`amlarim shirin, Kulib boqar menga koinot...
O`n sakkizga kirmagan kim bor, Bog`ingdan gul termagan kim bor...
1959
XAYRLI KECH
Tilak qadrin bilar odamlar, Yaxshi niyat qilar odamlar. Do`stga tungi orom oldidan Xayrli kech tilar odamlar.
Xayrli kech — hikmatli istak, Bu istakni buyurmish yurak. Xayrli kech — farahli tuning Osoyishta, tinch bo`lsin, demak.
Yer yuzida yashagan inson Mayliga, u qayerlik bo`lsin, Tinch mehnatda kunlari shodon, Kechalari xayrli bo`lsin.
1959
SHOIRU SHE'RU SHUUR
To tirikdirki tabiat, To quyosh sochgayki nur, Uch egiz bordir tushuncha, Uch bu so`z yondosh bo`lur:
Sen yiroqda, Yoring yiroqda, O`rtanadi joning firoqda, Tugab borar bardosh — saboting, Uchay desang, yo`qdir qanoting. Sevar yoring vasliga mushtoq Kechalaring o`tadi uyg`oq... Ammo g`amdan boshingni bukma, Shahlo ko`zdan yoshingni to`kma. Dilbar, buni firoq dema hech, Yorim mendan yiroq dema hech. Chunki oro kirib joningga, Bag`ring bir kun kelar yoningga.
Seni nohaq Ranjitdi yoring, Yo o`zgadan rashk etdi yoring. Nolishingga quloq solmadi, Izhoringdan ko`ngli qonmadi. Ketdi boqmay hatto qayrilib... Sen buni ham dema ayriliq. Dil o`rtama, yig`lama aslo. Sen bu hijron zulmati aro Pok sevgingni aylagin chiroq, — Visol bilan almashur firoq.
Sen sevasan, Sevmaydi yoring, Yor ko`ngliga yetmaydi zoring. Sevganingni yoki bilmaydi, Yo bilsa ham ko`zga ilmaydi. Ayriliqda yonasan biroq — Sen buni ham atama firoq. Chunki sevging bo`lsa agar chin Hijronlarni qilar chilparchin. Ishon faqat, hech tolmay ishon, Ishon bo`lsa chekinar hijron...
Yoring bo`lsa Yoningda doim, Yoring bo`lsa — ko`rkam, muloyim, Har oningni kechirsang birga, Birga bo`lsang butun umrga, Hayot qurib ulab jonga jon, Yashasang-u yillar yonma-yon — Ammo bo`lsa ko`ngillar yiroq, Dunyoda yo`q bundan zo`r firoq. Bu firoqqa sira yo`q davo, Bu firoqqa yo`liqma aslo!
1961
KIMNI ETMAS BU KO`NGIL SHAYDO
Dunyo ekan... Ishq degan savdo Bormi faqat mening boshimda?! Kimni etmas bu ko`ngil shaydo, Kim she'r yozmas mening yoshimda?!
Sevgi ilk bor tushdi-yu qalbga Hayotimning bo`ldi mazmuni. U qo`limga tutqazib qalam, Ko`zlarimdan oldi uyquni.
Oldi butun fikru xayolim, Ketdi dildan orom, halovat. Sevgi butun borimni olib, She'r zavqini qoldirdi faqat.
Borliq olam ko`zimga ming-ming Go`zallikka to`lib ko`rindi. Gullar menga oshiq bulbulning She'r daftari bo`lib ko`rindi...
Ayb etmangiz, Do`stlar, bu savdo Bormi faqat mening boshimda? Kimni etmas bu ko`ngil shaydo, Kim she'r yozmas mening yoshimda?!
1961
BARCHA SHODLIK SENGA BO`LSIN
Barcha shodlik senga bo`lsin, Bor sitam zorlik, menga. Barcha dildorlik senga-yu, Barcha xushtorlik menga.
Sen mening jonimni olgin, Men sening darding olay, Barcha sog`lik senga bo`lsin, Barcha bemorlik menga.
Senga bo`lsin barcha husnu Menga bo`lsin barcha ishq, Kori xunxorlik senga-yu, Mehru poydorlik menga.
Bu jahonning rohatin ol, Bor azobin menga ber, Senga bo`lsin barcha orom, Barcha bemorlik menga.
Ol o`zing koshonlarni, Menga qo`y mayxonani, Barcha xushyorlik senga-yu, Barcha hummorlik menga.
Senga bo`lsin nurli kunduz, Menga qolsin qora tun, Barcha gulshan senga bo`lsin, Bor tikanzorlik manga.
Sen shahanshohlikni olgin, Menga qullik bo`lsa bas, Bor jafokorlik senga-yu, Bor vafodorlik menga.
Mayli, ostonangda yotsam, Mayli, quvsang tosh otib, Bor dilozorlik senga-yu, Bor dilafgorlik menga.
Men Vatanni bog‘ deb aytsam, Sensan unda bitta gul, Men Vatanni ko‘z deb aytsam, Bitta mujgon, o‘zbegim.
Faxr etarman, ona xalqim, Ko‘kragimni tog‘ qilib, Ko‘kragida tog‘ ko‘targan Tanti dehqon, o‘zbegim.
O’zbegim deb keng jahonga Ne uchun madh etmayin! O’zligim bilmoqqa davrim Berdi imkon, o‘zbegim.
Men buyuk yurt o‘g‘lidurman, Men bashar farzandiman, Lek avval senga bo‘lsam Sodiq o‘g‘lon, o‘zbegim.
Menga Pushkin bir jahonu Menga Bayron bir jahon, Lek Navoiydek bobom bor, Ko‘ksi osmon, o‘zbegim.
Qayga bormay boshda do‘ppim, G’oz yurarman, gerdayib, Olam uzra nomi ketgan O’zbekiston, o‘zbegim.
Bu qasidam senga, xalqim, Oq sutu tuz hurmati, Erkin o‘g‘lingman, qabul et, O’zbegim, jon o‘zbegim.
1968
NIDO Bag`islov
Xayqiraman, Tog`lar bag`ridan Gumburlagan sado keladi, Ona-Yerning otash qa'ridan "O`g`lim!" degan nido keladi. "O`g`lim!" Vujudimni chulg`at alanga, Bo`g`zimga tiqilar hayajon. — Mana, men o`g`lingiz, Dardli olamga Sizdan tanho yodgor, So`ylang otajon! So`ylang, bir daqiqa quloq solayin, Ovozingiz tinglab to`yolmaganman. Bir marta yo`qotib topolmaganman, Xayolimda tiklab olayin. Otajon! Men axir qutlug` bu so`zni Yigirma yil olmadim tilga, Yigirma yil saqladim dilda. Armonli o`g`lingiz tinglaydi sizni, So`ylang, eshitaman. Vujudim tilka, Yuragimni yoqar o`tli iztirob, Ammo yuragimda bir tomchi yosh yo`q. Bag`rim o`yib, Bu kun menga bermoqda azob Sizning ko`ksingizni teshgan qora o`q. Silqib oqayotir Ko`kragimda qon. Qalbim o`rtamoqda so`ngsiz armonim... Yurak qonim bilan bitgan dostonim Sizga bag`ishladim, Otajon!
***
Xayolning tumanli pardasi aro Yillar ko`z o`ngimda charx urayotir. Qishloq ko`chasidan zanjiday qaro Olov bolaligim yugurayotir. Dunyo qayg`usiga bo`lmagan oshno, Qah-qah urayotir, Barq urayotir. Bilmas, boshi uzra bulutli samo Chaqmoq chaqayotir, Guldurayotir. Bilmas, yaralangan bu majruh dunyo Qasos so`rayotir, Bong urayotir...
Olis sohillarda, Ufqdan nari Ol`im sochmoqdadir Yov quzg`unlari. O`lim sochmoqdadir Elga beayov. Shahar, qishloqlarni Yutmoqda olov. O`sha olis yurtda Qon kechib hozir Otang hayot uchun Jang qilayotir. Ellarning erk degan Sof tilagi deb, Jahonning nurafshon Kelajagi deb, Ofat solmasin deb Olamga qotil, Otnag uzoq yurtda Jang qilayotir. Sen uchun, men uchun, O`z uchun emas, Faqat o`zbek va yo Rus uchun emas, Butun Yer — undagi Bor avlod uchun, Dunyoda eng qutlug` E'tiqod uchun Uzoq o`lkalarda Qon kechib hozir Otang hayot uchun Jang qilayotir. Sen, uxla, yolg`izim. Sen uxla, qo`zim, Bir nafas orom ol, Ko`zlaringni yum.
Bu kunlar albatta O`tib ketadi. Bashar jarohati Bitib ketadi. Ona-Yer qaytadan Yasharar bir kun. Olam nur qo`ynida Yashnar lolagun. Jangu jadallarga Kelur intiho, Bizning dunyo bo`lur Urushsiz dunyo. Bu kunlardan qolur Faqat xotira. Ammo xalq jafoni Unutmas sira. Bu kunlar ketar-u, G`am, dog`i qolur. Yuraklarga solgan Firog`i qolur. Avlod-avlodlarga Zamon-zamonga Abadiy, adabiy Sabog`i qolur. Sen ham unutmassan, Yuragim, qo`zim. Hozircha tinvh uxla, Ko`zlaringni yum.
Vaqt kelar, ulg`ayib, Odam bo`larsan. Ilm olib sohibi Olam bo`larsan. Sen bizlar ko`rganni Ko`rmagaysan hech, G`urbat yo`llaridan Yurmagaysan hech. Olam to`la quyosh, Qalbing to`la nur, Oydin bir zamonda Yashaysan masrur.
Bizlar ham o`tamiz Vaqt kelib bir kun. Sizlarga qoladi Muqaddas zamin. Siz uni avaylab Kaftda tutasiz, Sharaf yo`llaridan Olib o`tasiz. Otash alangaga Tutmaysiz uni, Dahshat ummoniga Otmaysiz uni. Zamin tegrasiga Oltin kamalak O`raydi yetti xil Nurdan chambarak. Siz uning bag`rini Pora qilmaysiz, Otalar hokini Saqlab muborak. Sen shunday davronda Yashaysan qo`zim. Hozircha orom ol, Ko`zlaringni yum...
Boshimizda otashin falak, Poyimizda otashin tuproq, Qo`limizda yog`och kamalak, Ostimizda yog`och arg`umoq, Oppoq changdir egnu boshimiz, Oppoq changdir ko`zu qoshimiz. Ko`ru karmiz, Beshdan oltiga Endigina o`tgan yoshimiz, Ko`cha-ko`yda ko`tarib suron Yuguramiz sahardan to kech, Olam uzra kezar zo`r bo`ron, Biz bu haqda o`ylamaymiz hech.
"Urush-urush" o`yin bo`lsa bas, Titratamiz ko`ku zaminni. Kim o`ylabdi deysiz u nafas Bu urushning rostakamini. Burchaklardan bir-birimizni Yog`och miltiq bilan otamiz, Biz bilmaymiz: Qay birimizning O`qqa uchdi bu vaqt otamiz. Ko`ksimizni ushlagancha Yiqilamiz, O`lgan bo`lamiz, Biz dunyoda rostakam o`lim Borligini qaydan bilamiz?! Dahshat solib kezarkan u dam Uzoqlarda jang guldurosi, Bizning qishloq ko`chasida ham Yangrar edi Aksi sadosi.
***
Quyosh botar, Oqshom cho`kar ko`cha-ko`yga, Tarqalamiz uy-uygayu tepa to`yga, Tun boshlanar, Mengacharchoq bilinmaydi, Kiprigimga uyqu sira ilinmaydi. Murg`ak fikrim yetaklaydi xayollarga, Onam qo`ynin to`ldiraman savollarga. "Ayting, aya, mening dadam qahramonmi? Tog`larni ham qulatguvchi pahlavonmi? To`pponchasi bormi uning cho`ntagida? Ordenlari juda ko`pmi ko`kragida? Mening dadam samolyotda uchadimi? Osmonlardan parashutda tushadimi? O`tkir po`lat qilichini qo`lga olib, Dushmanlarning yuragiga qo`rquv solib, Katta jangga kiradimi yolg`iz o`zi? Yelkasida yonadimi besh yulduzi? Ayting, dadam meni yaxshi ko`radimi? Kelganida toycha olib beradimi? Ko`chalarda toychog`imni yetaklatib, Qo`llarimdan ushlab olib yuradimi? O`sha kunlar tezroqqina bo`la qolsin? Ayting, dadam hayallamay kela qolsin".
44-yil Sentyabr tongi otdi. Meni cheksiz quvonch bilan baxt uyg`otdi. Ko`k jildimda alifbe va bir burda non, Birinchi bor qadam qo`ydim maktab tomon. O`yinlardan anacha erta to`ygan edim, Kitoblarga barvaqt havas qo`ygan edim. Yod bilardim alifbening harflarini, O`qir edim informbyuro xabarini. Juman "pochta” dadamdan xat keltirgan kun Katta bayram yuz hijjalab, yuz tutilib. Takrorlardim yirtilguncha xat titilib. Yayrar edim ma’nosini uqarkanman, Dadam xatin o`qib savod chiqarganman.
Bu kun yana xat olganmiz, Ajoyib xat, Gospitaldan chiqqan emish sog`-salomat, Boshidagi jarohati bitgan emish, Hatto o`rni bilinmasdan ketgan emish. Berlin tomon tushar endi yo`lim debdi. Xat so`nggida yaxshi o`qi, o`g`lim, debdi. Shu kun tunda uch chiziqli daftarimga, Oro berib katta-katta harflarimga, Xira chiroq yorug`ida ko`z ishqalab — Dadamga xat yozmoq uchun surdim qalam:
"Dadajon!” Men sizni juda sog`indim. Sog`indim ikkala ko`zim bilan teng. Kelib qolarmishsiz ertami-indin, Ayam shunday dedi, Rostmi shu, ayting?! Dada, U kun sizni tushimda ko`rdim. Oq otda keldingiz, So`radingiz suv. Men buni ayamga gapirib berdim. Dadang keladi, deb aytdi, Rostmi shu?..
Rustamning akasi urushdan qaytdi, Qo`ltiqtayog`i bor, Bir oyog`i yo`q, Rustam aytib berdi: Ataka payti Tizzasidan olib ketgan emish o`q… Hol aka qaytgandi uyga to`satdan, O`g`li, dadajon, deb chopib kelibdi. Ota quchay desa desa qo`li yo`q ekan, Tik turgan joyida yig`layveribdi. Darsga kelmay qoldi Tunov kun Tal’at, Muallim urishsa turaverdi jim. Dadasidan kelgan ekan qora xat. Hammamiz yig`ladik, Hatto muallim… Dadajon! Sizga o`q tegmasin hecham, Men uchun ham tezroq qayting salomat, Buvim aytgan, Agar men tilak qilsam, Tilagim bo`lardim doim ijobat. Rost aytaman, Sizni juda sog`indim, Sog`indim ikkala ko`zim bilan teng, Kelib qolasizmi, ertami-indin? Kutaman, Dadajon, albatta keeling”.
Hijron kechalari g`oyatda uzun, Ayriliq yo`llari oils hihoyat. Ko`chaga chiqaman yuz bora har kun, Ko`zlarim nigoron, Kelarmikan xat? Tongda turganda ham, Kun botganda ham, Hatto kechalari qilolmay toqat, Eshikka qarayman, Chekaman alam. Intizor bo`laman, Kelarmikan xat? Men qaydan bilibman, Yo`l bosar ekan Mening murg`ak xatim bekatma-bekat.
U yoqdan, Xuddi u borar manzildan Yo`lga chiqqan edi mash’um qora xat.
Qosh, ko`zlaring otangga o`xshar. Deyishadi bilganlar doim. So`ng xo`rsinib qo`shib qo`yishar: O`xshamasin umring, iloyim. Otam tutgan mash’alni ushlab, O`shay o`ldan boraman men ham. Mayli edi Otamdek yashab, To so`nggi dam Unga o`xshasam.
Bobolarning hikmati Hayotga yorug` yo`ldir. Itang bolasi bo`lma, Odam bolasi bo`l, der. Bu so`zni ilk bor menga O`rgatgan otam edi. Men otam farzandiman, U esa odam edi. Qirq birinchi yillarning Dahshati ko`z oldimda, Go`dak edim, otamni Kuzatgandim yonimda. U ko`plar baxti uchun Kirar ekan zo`r jangga Onam boshimni silab, O`xsha, degan otangga. Mening mardlik maktabim Jonfido otam edi. Men otam farzandiman, U esa odam edi. Men otam bosib o`tgan Qonli yo`lni o`tmasman. Ammo shonli hayotni Bir umr unutmasman. Ona-Vatan ko`ksiga Qalqon bo`lgan otamning, Ko`plar baxti yo`lida Qurbon bo`lgan otamning — Aziz nomin qalbimda Vijdonimdek saqladim.
Uning o`lmas ruhini Shod etmoqlik maqsadim. Umrimni fido etay U jon bergan Vatanga. El mendan rozi bo`lsin O`xshabsan, deb otangga.
***
Quzg`unning qanotiday Qaro edi o`sha tun. Na milt etgan yulduz bor, Na yilt etgan bir uchqun. Kech kuz edi, Tund kecha, Yer-ko`k mungli, borliq g`ash, Qor ezilib yog`ardi Yomg`ir bilan aralash. Sukunat. Jang tin olar, Faqat gohi gohida Mushak uchib so`nadi Dushman qarorgohida. Yarim tun zulmatida Tepalikni qoralab To`rt soya emaklardi Chakalakzor oralab. Har zamon to`xta-to`xtab Hordiq olishar edi, Jim qolib sukunatga Quloq solishar edi. Mana, ular o`rmonning Chekkasida o`tdilar Va nihoyat daryoning Sohiliga yetdilar. To`xtadilar, bir nafas Ko`z tikdilar yiroqqa. Atrof jim, Faqat daryo Urilardi qirg`oqqa. Sirli tun, butun borliq Sehrlangan singari. Shunday kecha to`rtovlon Yo`l olmishlar qay sari?
Qay manzilga shoshishar Shu sovuqda, shu namda? Go`yo qor bor, Yomg`ir bor, Tun bor faqat olamda… Avtomatlar bosh uzra Ko`tarildi tug`simon. Birin-ketin daryodan Suzib ketdi to`rtovlon. Jim, sharpasiz suzishar, Yaqin qoldi qirg`oqqa, Yot, notanish tovushlar Eshitilar quloqqa. Mana sohil — tik qirg`oq, Atrof yalang, Narida Ikki dushman soqchisi Ko`rinar tun bag`rida. Bir-birovga tikildi Bir so`z demay to`rt juft ko`z. Shu qarashning o`zida Aytilgandi barcha so`z. Tek qotdilar. Komandir Imo qildi nohoyat, Tun bag`riga emaklab Kirib ketdi to`rt soya.
Nogahon o`q otildi, O`t chaqnadi ketma-ket. Dushman sezdi, Razvedka Jangga kirdi betma-bet. Granata portladi, Tilga kirdi avtomat. Bir yonda butun bir polk, Bir yonda to`rtta soldat. Ikki yondan o`q yog`ar, Olov yog`ar beshafqat, Bir tomonda tahlika, Bir tomonda jasorat. O`rtada tekis kenglik, O`rtada quyuq zulmat. Bir tomonda yovuzlik, Bir tomonda adolat. Qancha davom etdi jang Bilar faqat qaro tun, Bilar faqat tepalik, Ammo bular lol va gung.
Tongga yaqin qor tindi, Asta yorishdi osmon. Tepalikka ilk nurin Sochdi xurshidi jahon. Bunda yerni quchgancha Toshlarga qo`yib boshin, To`rt o`g`lon tinch uxlardi Ko`kragida qo`rg`oshin. Tungi og`ir jangdan so`ng Go`yo tin olar bari. Ona bag`rida yotgan Ma’sum go`dak singari. Shu tong sabo yig`ladi Boshin urib qirg`oqqa. Oq, momiq bulutlarning Bag`ri chok-chok so`kildi. Shu tong oftob nurlari Ko`z yosh bo`lib to`kildi. O`rmonlar shovillagan Olis yurtda hali ham Nomsiz tepalik uzra Uxlab yotibdi otam.
***
Tengdoshim, Asrdosh birodar! Kel, bir on jim o`yga cho`maylik. Bu yerda yotibdi fidolar. Kel, uni gullarga ko`maylik. Bu yerda baxt bo`lsin, nur bo`lsin, Bo`lmasin qora tun zulmati. Bu yerda yuraklar hur bo`lsin. Qaytmasin, u kunlar dahshati.
Tengdoshim, asrdosh birodar! Uyg`oq b`ol, hushyor boq olamga. Bu yerni quchmasin alanga, Qabrida tinch yotsin fidolar. Eshit, ingrayapti Ona-Yer Qo`ltiqtayoqlaring zahmidan, Bu tuproq yuragi poradir Atom zontlarining vahmidan. Eshit, chorlayapti Ona-Yer, Ko`ksida olovli oh-faryod. Asrdosh birodar, qo`lni ber, Kel, Yerga qilaylik qasamyod: Bo`lurmiz gal kelsa har birimizga Tinchlik janggohining fidosi. Bu senga bu menga, bu bizga Yigirmanchi asr nidosi.
Yiroqlarda qoldi Uqubatli yillar, Yer ostida yotar topganlar zavol. Qolganlar umrning Sarhisobin qilar, Soch oqiga boqib surarlar xayol. Yillar o`tdi-ketdi Dovulini qoqib. Tuproqqa berildi ne-ne aziz jon. Bizlar xayollarning To`lqinida oqib, U kunlar haqida to`qiymiz doston. Ammo o`lganlarga She’r, doston ne naf, Ne foyda yig`lashdan qalb dardin aytib. Ming yil shon o`qisak, Ming yil aytsak sharaf, Ketganlar dunyoga kelmaydi qaytib.
Nega egilmasin Odam ketsa odam, Ustunga zo`r kelar qulasa ustun. Bu tashvishli dunyo, Sermashaqqat olam Bizning yelkamizda qoldi-ku, do`stim! Uni bo`ronlardan, Quyoshli yo`llardan Nurli istiqbolga olib o`tamiz. Biz uni olganmiz Tabarruk qo`llardan, Tabarruk qo`llarga eltib tutamiz. Avlodlar uchun ham Qutlug` bo`lar albat Yer uzra to`kilgan ko`z yosh, qon va ter.Bepoyon kenglikda Charx uradi abad Ulkan yurak shaklidagi Yer…
1964
TUSHLIK TANAFFUS
Sokingina yashar edi u, Na shodligi ayon, na dardi, Tongda to'gri ishga borar u, Oqshom to'gri uyga qaytardi.
Ulfati yo'q, ko'cha kezmagan, Maishat ne bilmagan odam. Birov sezib, birov sezmagan, Borligi-yu, yo'qligini ham.
Bir mo'minga doir bir qotil, Esh bo'lganday yorug' dunyoda, Manglayiga bitgandi hotin, Azozildan ming bor ziyoda.
Cho'ntagiga erning to'r halta, Qulog'iga solib olam gap, Ro'yhat qog'oz bilan albatta, Kuzatardi har kun ertalab.
Sodda, noshud, oriq, kichkina; Har kun uyda o'tirib oqshom, Gazetdan ko'z olmay tinchgina, Eshitardi hotindan dashnom.
Tiriklikning tashvishi, g'ami, Hammani ham qilgandek ado, Uchdi bir kun umrining shami, Bu olamdan ketdi benavo.
Hotin ko`zni ochib g'aflatdan. Bildi: tayanch tog'i yo'qoldi. Shaddod xotin shunda da'fatan, Mushtiparga aylandi, qoldi.
Ko'rgilikning bari da'fatan, Qazo boqmas nola-yu, zorga, Mana u ham bir kun odatan, Sham ko'tarib keldi u ayol.
Qudrat tilang uning sabriga, Uni kutar bunda turfa hol: Qotib qoldi: eri qabriga Sham yoqardi o'zga bir ayol.
Qotib qoldi. To'plab nihoyat, Bor makri-yu irodasini, Yashiroldi ko'zdagi hayrat, Va hayojan ifodasini.
Ayol sari yurdi beparvo. Salom berdi, so'rab kechirim, Dedi ko'ngil olgandek go'yo: "Kim bo'ladi bu odam?"- "Erim"
"Erim"- bu so'z hotin qalbiga, Olovli o'q bo'lib sanchildi, Endi bildi, er uni nega, Hush ko'rmasdi, ha endi bildi.
Nahot shunday beozor odam, Nahot bo'lsa boshqa xotini, Qani endi shundan keyin ham, Oqlab ko'ring erkak zotini.
Qani endi go'rni ochsa-yu, Bevafoni tutsa so'roqqa, So'ng eriga qo'shib mana bu, Megajinni ko'msa tuproqqa.
E, voh, ayol g'azabidan ham, Makridan ham asra xudoyim, Yondirsa-da ichini alam, Savol so'rar yana muloyim.
"Bolalarchi?"- "Qolmadi yodgor. Menga uning yodi kifoya, G'ayriodat ishq bu betakror, Eshitsangiz qilay hikoya.
Men u bilan tushlik chog'ida, Oshhonada dastlab ko'rishdim, Men stolning narigi yog'ida, U bu yoqda o'tirgancha jim,
Ovqatlandik ertasiga ham, Indininiga shu bo'ldi takror, Yettinchi kun deganda ilk bor, "Yaxshimisiz"-, dedi bu odam.
Tanishuv kun bo'ldi bu bizga, Salomlashib yurdik necha kun. Kechirasiz, ne bo'ldi sizga? Titrayapsiz, singiljon, nechun?"
"Hechqisi yo'q, sovqotdim bir oz. Davom eting "- "Xullasi kalom, Bir-birovga o'rgandik oz-oz, Bir-birovga bog'landik tamom.
Shunday ekan qismat xohishi, Men ham edim dunyoda tanho, U, kamina beozor kishi, Dardlarimga bo'ldi oshino.
Men-ku yolg'iz edim: na otam, Na onam bor, na oilam bor. Yolg'iz ekan dunyoda u ham: Farzandlar g'o'r, xotin dilozor.
Sodda noshud, ko'rimsiz: ammo, Qalbi uning bir olam edi, Teran fikrat, hislar musaffo, Fidoiylik jamuljam edi,
E, voh, qadrin bilmadi dunyo, Loyda yotgan dur edi bu zot, Mening zulmat hayotim aro, "Yarq" etgan bir nur edi, bu zot.
Dardlashardik bechora bilan, Ikkimizda nadomat afsus, G'am-anduhlar izhori bilan, O'tar edi tushlik tanaffus.
U so'zlardi, men tinglar edim, Men so'zlardim, kuyardi u ham. Gohi uzoq o'tirardik jim... Ko'zimizga cho'kib tubsiz g'am.
Mening ko'zim derdi: "Ey, aziz, Qayda eding o'ttiz yil avval?" Uning ko'zi derdi: "Foydasiz. Bu dunyoda baxt yo'q mukammal"
Mening ko'zim derdi: "Men muhtoj. Qidirgandim seni bir umr" Uning ko'zi derdi: "Na iloj. Kech bo'lsa ham ko'rishdik. Shukr"
So'rsalarki :"Qay vaqt saodat, Bo'lgan sening umringga oshno?" Derdim:"Besh yil, har kun bir soat, Faqat tushlik tanaffus aro".
O'zga makon, o'zga zamonda. Paydo bo'lgan olis yulduzlar, El ko'zidan pinhon osmonda. Ko'rishgandik faqat kunduzlar.
Bu ham turmush... Mana nihoyat, Judo bo'ldik, bor gap shu singil Tamom bo'ldi dardli hikoyat..."